Aritmiya: belgilari, paydo bo’lish sabablari, turlari va davolash usullari

Aritmiya haqidaAritmiya – yurak urishining chastotasi, ritmi va izchilligining buzilishidir. Normada odamda yurak bir maromda urib turadi. Sog‘lom kishida faqatgina jismoniy yoki ruhiy zo‘riqish vaqtida uning urish tezligi o‘zgaradi. Bu o‘zgarishning maqsadi organizmning qonga bo‘lgan yehtiyojini to‘laroq qondirishga intilishdir.

Aritmiya qanday kasallik?

Yurak urishi ritmini organizmning maxsus markazlari tomonidan boshqarib turiladi. Bu markazlarga yurakda joylashgan bir necha muhim tugunlar va o‘tkazuv yo‘llari kiradi. Boshqaruv markazlaridan yurak o‘tkazuvchi yo‘llari bo‘ylab impulslar yurak mushaklariga, bir maromda borib turadi. O‘ng yurak bo‘lmasida joylashgan sinusli tugunda dastlabki impuls paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham bu tugunni, shifokorlar ritm yetakchi deb atashadi. U yurak tugunlari ichida yeng muhimi. So‘ngra normada, sinusli tugundan chiqqan elektrik impuls atrioventrikulyar tugunga keladi. Undan esa Gis tutami bo‘ylab bevosita yurak qorinchalariga borib, ularni qisqartiradi.Yurak tuzilishi

Yurakni o‘tkazuvchi tizimi:

  1. chap yurak bo‘lmachasi.
  2. chap yurak qorinchasi.
  3. Gis tutami.
  4. Chap oyoqcha (Gis tutami).
  5. O‘ng oyoqcha (Gis tutami).
  6. o‘ng yurak qorinchasi.
  7. atrioventrikulyar tuguni.
  8. o‘ng yurak bo‘lmasi.
  9. sinusli tugun.
  10. yuqori kovak vena.

Bu nozik va murakkab tizimning turli sabablarga ko‘ra ishdan chiqishi aritmiya kasalligiga olib keladi.

Tinch holatlarda katta yoshdagi sog‘lom odamlarda yurak urishining o‘rtacha chastotasi 1 daqiqada 60–90 ta zarbga teng. Yurak urishini bir piyola achchiq choy ichgandan keyin kamida 30 daqiqa o‘tgach o‘lchash lozim. O‘lchash oldidan kishi oyoq-qo‘lini yozib, 5 daqiqacha dam olishi kerak.

Aritmiya kasalligi rivojlanish sabablari

Aritmiya paydo bo‘lish sabablari turli-tuman bo‘lishi mumkin ular quyidagilar:

  • yurak kasalliklari miokarditlar, nuqsonlar, kardiomiopatiyalar, infarkt;
  • elektolit muvozanati buzilishi (qonda kaliy, kalsiy, magniy miqdori o‘zgarishi);
  • asab tizimining zo‘riqishi (nevroz, stress);
  • qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi (tireotoksikoz, gipotireoz);
  • zaharli moddalar (nikotin, alkogol), ayrim dorilarning nojo‘ya ta’siri.

Aritmiya kasalligi alomatlari (simptomlari)

Aritmiya haqida gapiradigan bo‘lsak uning turli xillari mavjud. Yurak ritmining tezlashuvi taxikardiya, sekinlashuvi esa bradikardiya deyiladi. Yurak zarbining vaqtidan oldin urishi ekstrasistoliya, tartibsiz urishi hilpillovchi aritmiya deb nomlanadi. Bemorlar bunday holatlarda quyidagi belgilarni his etishlari mumkin:

  • yurakning tez-tez urishi;
  • yurak atrofida yoqimsiz, bejo sezgilar;
  • yurak atrofida kuchli turtki yoki uning tinib qolishi;
  • organizmning umumiy holsizligi;
  • bosh aylanishi.

Aritmiyalarning ayrim turlari sezilarli belgilarsiz kechadi. Bu vaziyatda kasallikni faqat bemor pulsini tekshirilganda yoki elektrokardiogrammasi tahlil qilinganda oshkor bo‘ladi.

Aritmiya turlari. Ko‘p uchraydigan ko‘rinishlari

Sinusli taxikardiya – bu tinch holatda daqiqasiga 90–100 zarbdan oshiq chastotali to‘g‘ri yurak ritmi. Sog‘lom odamlarda u jismoniy va hissiy zo‘riqish paytida yuzaga keladi. Aksariyat hollarda vegetotomir distoniyasi (VSD) bilan birga keladi. Taxikardiyada agar nafas tutilib turilsa sezilarli darajada yurak urish ritmi kamayadi. Taxikardiya tana harorati oshganda tireotoksikozda, miokarditlarda, kamqonlik oqibatida rivojlanadi. Paroksizmal taxikardiya – bu aritmiyaning bir turi bo‘lib daqiqasiga 140–240 taga yetadigan yurak urishi xurujlari bilan xarakterlanadi. U to‘satdan boshlanadi va ana shunday to‘satdan tugallanadi. Bir necha soniyadan tortib bir necha kungacha davom etishi mumkin. Taxikardiya xurujida bemorda ter chiqishi, harorat ko‘tarilishi, holsizlik, alahsirash, yurak atrofida noxush sezgilar kuzatiladi.

Bradikardiya

Sinusli bradikardiya – bu yurak ritmi daqiqasiga 40–60 ta zarbga teng bo‘lgan holat. Aksariyat sog‘lom, ayniqsa, jismonan chiniqqan shaxslarda uchraydi. Sportchilar ko‘p kuzatiladi, tinimsiz mashqlar oqibatida yurak mushaklari baqquvatlashadi. Natijada bunday yurak normadan sekinroq ursa ham organizmni qon bilan ta’minlab bera oladi. Undan tashqari, bradikardiya patologik jarayonlar natijasi ham bo‘lishi mumkin. Masalan miokard infarkti, qalqonsimon bez (gipotireoz) faoliyati susayishi, ayrim virusli kasalliklar, zaharlanish ta’siri va boshqalar. Vaqti-vaqti bilan bradikardiya yurak atrofida noxush tuyg‘ularni paydo qiladi.

Yurak blokadasi (qamali) – impulsning yurak bo‘lmasidan yurak qorinchasiga o‘tishidagi buzilishdir. Daqiqasiga 40 zarbdan kamroq chastotali bradikardiya bilan xarakterlanadi. Blokadalar barqaror va o‘tkinchi bo‘lishi mumkin. Miokarditlar, kardioskleroz, miokard infarkti paytida, ayrim dorilar ta’siri ostida (yurak glikozidlari, betaadrenoblokatorlar, verapamil) yuzaga keladi. Barqaror bradikardiyada bosh aylanishi, hushdan ketish hollari kuzatilishi mumkin.

Ekstrasistoliya

Ekstrasistoliya – yurakning muddatidan oldin qisqarishi, bunda yurak notekis urayotgandek yoki urmay qolgandek bo‘lib tuyuladi. Bu kasallik ko‘proq sog‘lom odamlarda uchraydi. Agar ekstrasistoliya siyrak (daqiqasiga 5 tadan kamroq) bo‘lsa va bemor uni sezmasa, unda maxsus muolaja talab etilmaydi. Bordi-yu, ekstrasistoliya tezlashsa, daqiqasiga 6 va undan ham oshsa. Bemor yuragi notekis urayotganini sezsa, boshi aylansa, unda darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

Xilpillama aritmiya – beqaror yurak ritmi, daqiqasiga 100 dan 150 zarbgacha chastota va o‘ziga hos tebranma ritm bilan harakterlanadi. Yurak bo‘lmasining tebranishi barqaror yoki xurujli bo‘lishi mumkin. Yurakning mitral nuqsonlarida, yurakning ishemiya kasalligida, tireotoksikozda, alkogolizmda va hokazolarda shunday holatlar kuzatiladi. Tebranma aritmiya bemorga sezilmasligi yoki yurakning oddiy urishi kabi sezilishi mumkin. Ba’zida qon tomirlarida tromblar hosil bo‘lishi qayd etiladi.

Shifokorga qachon murojaat qilish kerak?

Odamda aritmiya alomatlari mavjud bo‘lsa, tashxisni aniqlash va muolaja o‘tkazish uchun shifokorga murojaat qilish lozim. Og‘ir aritmiya huruji paytida zudlik bilan “Tez yordam” chaqirish maqsadga muvofiqdir. Holbuki bu kasallikni aniqlash uchun qiyin diagnostik muolajalar shart emas. Tashxis quyish uchun aksariyat hollarda EKG o‘tkazishni o‘zi kifoya qiladi. EKG hafvsiz, tez, aniq va arzon diagnostik usul hisoblanadi.

Aritmiyalarning ko‘plab turlari orasida, paroksizmal taxikardiya, tebranma aritmiya va yurak blokadasi ayniqsa havfli. Chunki ushbu kasalliklar xurujlari paytida bemor ko‘pincha tez yordamga muhtoj bo‘ladi.

Aritmiya kasalligiga tashxis qo‘yish

Tekshirishlar eng avvalo aritmiya rivojlanishining asosiy sabablarini aniqlashga qaratiladi. Bunda dastlab miokard infarkti, miokardit, kardioskleroz, tireotoksikoz, elektrolit buzilishlar va shu kabi kasalliklarga sinovlar o‘tkaziladi. Ko‘pincha dastlab tashxis tasodifan majburiy umumiy ko‘riklar paytida qo‘yiladi. Chunki aritmiya uzoq vaqt simptomlarsiz kechishi mumkin. Lekin Yurak ritmi buzilishi xarakteri va aritmiya sababini faqat elektrokardiografik tekshirish chog‘ida (EKG), aniqlik bilan belgilash mumkin. Bu tekshirishlarni shifokor-kardiolog tayinlaydi.

  • Jismoniy zo‘riqishli EKG sinovlari (veloergometriya);
  • EKGning kechayu-kunduz sutka davomida yozib olishi;
  • Elektrofiziologik tekshiruv
  • Elektrolit almashinuvini tekshirish (qonda kaliy, kalsiy va magniy to‘planishi);
  • Qalqonsimon bez garmonlarining darajasini aniqlash.

Aritmiya kasalligini davolash

Parhez. Aritmiya kasalliklari uchun maxsus parhez yo‘q. Biroq kaliyga boy kartoshka, uzum, o‘rik va magniyga boy suli va yosmiq yormasi, turshaklar, yong‘oqlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bu oziq-ovqatlar foydalanish yurak ritmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Dori vositalari. Dori vositalarini shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra va uning nazorati ostida qabul qilish lozim. Asab tizimi faoliyatining buzilishlari bilan namoyon bo‘lgan yengil aritmiyani davolash uchun sedativ vositalar, kaliy va magniy preparatlaridan foydalanish mumkin.
Masalan quyidagi dorilar:

Bu ma’lumotlar faqat tanishish uchun. Shifokor ko‘rsatmasisiz dorilarni qabul qilmang.

Sedativ vositalar: Bellaspon, Belloid, Nastoyka yoki ekstrat nastoykasi, Korvalol, Novopassit, Persen, Arslonquyruq nastoykasi va hokazo.

Kaliy va magniy preparatlari: Aspaarkam, Magnerot, Panangin.

Yurak ritmi buzilishlarining og‘irroq shakllarida maxsus antiaritmik vositalar qo‘llanadi. Ular faqat shifokor buyrug‘i bilan tayinlanadi va EKG ko‘rsatkichlari orqali doimiy nazorat qilib turiladi.

Yurakning elektrik stimulyatsiyasi. Muolajaning ushbu usuli yurak avtomatizmi markazlari tabiiy signallarning davomiyligiga va muayyan amplitudaning sun’iy elektrik impulslar bilan almashinuviga asoslanadi. Bular yurak qisqarishlari chastotasining mo‘tadillashuviga imkon beradi. Vaqtinchalik elektrostimulyatsiya uchun qizilo‘ngach yoki endokardiol elektrodlardan foydalaniladi, ular tashqarida joylashgan kardiostimulyatordan yurakka impuls olib boradi. Yurak ritmi mo‘tadillashgandan keyin kardiostimulyator o‘chirib qo‘yiladi va zaruriy aritmiyaga qarshi dori vositalari buyuriladi.

Yurak implantanti - kardiostimulyator

Kardiostimulyator

Yurakning doimiy elektrostimulyatsiyasi uchun kardioxirurgik jarrohlik ishi – elektrokardiostimulyator implantatsiyasi bajariladi. Stimulyator maxsus kichik uskuna jarrohlik yo‘li bilan teri ostidagi yog‘ qatlamiga kiritib quyiladi. Kardiostimulyator batereyka, mikroprotsessor va elektrodlardan tashkil topgan. Usti zanglamaydigan noallergen metall bilan qoplangan. Elektrodlari orqali yurak mushaklari bilan bog‘langan. Uning energiya zaxirasi bir necha yilga mo‘ljallangan bo‘ladi. Keyinchalik batereykasini almashtirsa ham bo‘ladi. U yurak ritmini o‘zining mikroprotsessori yordamida kuzatib turadi. Zarur bo‘lsa elektrodlari yordamida yurakka tok jo‘natib uni ishini normallashtirib turadi.

Aritmiyada birinchi yordam

Aritmiya xurujida birinchi navbatda tez yordam chaqiring. Tez yordam yetib kelguncha bemorning ahvolini birmuncha yengillashtirishga harakat qiling. Buning uchun quyidagilarni bajaring.

Avvalo bemorni tinchlantirsh, to‘shakka yotqizish lozim. Tinchlantiruvchi dori valeriana nastoykasi, arslonquyruq nastoykasi, korvalol va shunga o‘xshash vositalar berish.

Ayrim hollarda bemorni chuqur nafas oldirish, nafasni ushlab turish. Barmoqlari bilan burunni qisish va kuchanib nafas chiqarishni, o‘pkadagi havoni qisib ushlab turishni so‘rash kerak. Yuzi qip-qizarib ketadi, ammo bu xavfli emas. Ana shunday bir necha kuchanishlardan keyin yurak urishi xuruji ko‘pincha to‘xtaydi.

Aritmiyada xalq tabobati retseptlari

Lavlagi, sabzi va sholg‘om suvlari aralashmasini 1:1:1 nisbatda yurak aritmiyalarining har qanday turida bir necha oy davomida har kuni ichish foydalidir.
Yurak qattiq ura boshlaganda anjir yeyish yoki limon po‘stini chaynash juda foydali. Beshbargli arslonquyruq suvini aroq bilan 1:1 nisbatda aralashtirib ichish ham foyda beradi.

Yurak qattiq urganda, taxikardiya, aritmiya va nevrozda ovqat iste’mol qilish oldidan kuniga 3 martadan 1 choy qoshiqdan ichish lozim.
Aritmiya, yurak ishemik kasalligi, yurakning tez-tez urishi, gipertoniya kasalligida qip-qizil do‘lana mevalari va asalari mumi nastoykasi bilan aralashtirilib, 1:1 nisbatda kuniga 3 marta 25 tomchidan ichiladi.

Qalampir yalpiz – yurak ritmi buzilganda, yurak mushagi ishining uzilish yoki to‘xtab qolish holatlarida iste’mol qilinadigan eng samarali vositalardan.
Yalpizning 1 choy qoshiq yaproqlari 1 stakan qaynoq suvga solinadi va 1 soat issiq joyda saqlanadi. Dokadan o‘tkaziladi. Ertalab nonushtadan yarim soat oldin oz-ozdan ho‘plab ichiladi. Damlama bir kun ham kanda qilmay uzoq muddatgacha har kuni ichiladi.

1 osh qoshiq asalni yarim stakan lavlagi suviga aralashtiriladi va kunda 3 mahal ovqatdan oldin ichiladi. Olovda pishirilgan kartoshka juda foydali. Uni butunligicha olov qo‘rida yoki pechda pishiriladi.

Do‘lana qaynatmasidan kuniga 30–40 tomchidan ovqatlanishdan oldin ichish kerak.

Aritmiyada nuqtali massaj

Tezkor yordam

1. Nuqtaning joylashuvi: kaftning quyi qatlamlari ostida, bosh barmoq tomonda, yurak urishi sezilib turadigan joydan 1,5 sm chaproqda joylashgan. Ta’sir etish texnikasi: bosh barmoq bolishchasi bilan chap qo‘lda joylashgan nuqtaga 1–2 daqiqa yoki yurak urishi xuruji tinguncha qattiq bosib turiladi.

qo' kaftini nuqatali massaji      Aritmiyada nuqtali massaj       tirsak nuqatali massaj

2. Nuqtaning joylashuvi: avvalgisining teskari tomonida – kaftning yuza qismida, paylar oralig‘idagi chuqurlikda, o‘rta burmalar, jimjiloq tomonda joylashgan. Ta’sir qilish usuli: qo‘lingiz kaftini yuqoriga qilib qo‘yasiz, panjani tirsak tomon bukasiz, 3 daqiqa davomida o‘ng va chap qo‘lda navbatma-navbat uqalaysiz.

Harakat vaqtida yurakning tez-tez urishi.
3. Nuqtaning joylashuvi: jimjiloq tomondan tirsak bukilishi atrofidagi chuqurlikda joylashgan. Bu nuqtani uqalash harakat vaqtidagi yurak tez-tez urganda, ayniqsa, foydali. Ta’sir qilish usuli: qo‘lni orqasi bilan stolga qo‘yasiz; o‘tirgan holda 3 daqiqa davomida o‘ng va chap qo‘l bilan nuqtani navbatma-navbat uqalaysiz.

4. Nuqtaning joylashuvi: barmoqlarni bukkanda oyoq kaftining o‘rtasida paydo bo‘ladigan chuqurlikda joylashgan. Ta’sir qilish usuli: o‘tirgan holda o‘ng va chap oyoqdagi nuqtalarni 3–5 daqiqa davomida uqalaysiz.

Aritmiya tez-tez xuruj qilganda
5. Nuqtaning joylashuvi: boldirda, tizza ko‘zining pastidan to‘rt enli quyiroqda (oyoq cho‘ziq turganida) va katta ilik suyak do‘ngligidan bir enli yuqorida joylashgan. Ta’sir qilish usuli: bosh barmoq bolishchasi bilan nuqtani 2–3 daqiqa davomida yoki 300 martacha uqalaysiz. Aritmiyani davolash chog‘ida nuqtani erman (shuvoq) sigarasi, qalampir plastiri, xantal bilan qizdirish mumkin.

6. Nuqtaning joylashuvi boldir mushagining ichi yonida, ichki to‘piqdan 4 enli yuqorida, katta ilik suyagining orqasida joylashgan.
Ta’sir qilish usuli: o‘ng va chap oyoq nuqtalarini bir kunda ikki mahal yarim bir daqiqa davomida asta-asta bosib uqalaysiz.

Similar Posts

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan