Oyoqlardagi venalarning varikoz kengayishi

Varikoz bu venalarning turli sabablarga koʻra oʻz mustahkamligi va elastikligini yoʻqotishi oqibati kelib chiqadigan kasallik.

Varikoz kasalligi sabablari

Koʻpincha oyoqlardagi teriosti yuza venalarining kengayishi, klapanlarning (qopqoqlarning) boʻshligi va venoz qon oqishining buzilishidan sababli paydo boʻladi. Birlamchi varikoz kengayish yuza vena devorlari zaifligi, vena qopqoqlarining nuqsonlari bilan bogʻliq.

Bir qancha boshqa kasalliklar va jarayonlar, masalan semirish, homiladorlik, uzoq muddat tik turish, biriktiruvchi toʻqimaning tugʻma zaifligi bu kasallikning rivojlanishiga imkon beradi. Ikkilamchi varikoz kengayishi chuqur venalar oʻtkazuvchanligining buzilishi munosabati bilan yuzaga keladi. Bunga sabab tromboz, vena klapanlarining yetishmovchiligi, vena devorlarini tugʻma zaifligi tufayli venoz qon oqishining buzilishi hisoblanadi.

Varikoz kasalligi belgilari

Xastalik alomatlari odatda boshlangʻich davrdayoq yaqqol namoyon boʻladi. Lekin noqulaylik toʻgʻdirmagani uchun koʻpchilik eʼtibor bermaydi.

Kasallik simptomlari qoʻyidagilar:

  • Varikoz kasalligida venalar kengayishi paydo boʻlguniga qadar ogʻir oyoqlar deb ataladigan sindromni payqash mumkin – kechki paytlarga borib bemor oyoqlari shishadi, ogʻriydi, kishi oʻzini charchaganday his qiladi.
  • Tomir yulduzchalari (teleangioektaziyalar) – uncha katta boʻlmagan tomirchalar toʻrlari paydo boʻlishi mumkin.
  • Asosiy belgisi – teri orasidan shishgan, sertugun, koʻrinib turgan venalar boʻlib, teri sirtiga irgʻib chiqadi.
  • Soʻnggi bosqichlarda teri rangining oʻzgarishi, venalar atrofidagi terida ham, venalarning oʻzida ham shamollashning rivojlanishi (tromboflebitlar), varikoz tugunchalardan qon ketishi kuzatiladi, yaxshi bitmagan yaralar paydo boʻladi.

Bir qarashda bu xastalik uncha katta muommo tugʻdirmaydigandek tuyiladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki varikozdan butkul qutulish mushkul, kasallik uzoq muddat surunkali kechadi. Shu bois bemor xayotini anchagina buzadi.

Eng xavfli asoratlari:

  • oʻtkir tromboflebit
  • varikoz tugunining yorilib qon ketishi
  • trofik yaralar

Shifokorga qachon murojaat qilish kerak? Kasallikning dastlabki alomatlari paydo boʻlganda shifokorga (qon tomir jarrohiga) murojaat qilish kerak. Faqat boshlangʻich pallalardagina varikoz kasalligi rivojlanishining oldini olish mumkin.

Varikozga tashxis quyish

Tashxis qoʻyish uchun umumiy shifokor koʻrigi va odatdagi tahlillar buyurishdan tashqari, venoz qon aylanishining holati tekshiriladi. Kasallik sabablarini aniqlash va toʻgʻri davolash uchun chuqur venalar oʻtkazuvchanligini tekshirish va vena klapanlari faoliyatiga baho berish katta ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda turli usullar qoʻllanadi

  • ultratovush tekshiruvlari dopplerografiya, dupleks skanerlash
  • rentgenokontrast flebografiya

Dopler UZI kasallangan tomirlarda qon oqish tezligini oʻlchay oladi. Bu esa shifokorga shikastlangan venalarning axvolini toʻgʻri baxolash va eng optimal davolash yoʻlini tanlashga imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda ultratovush va flebografiya davolash usulini aniq tanlashga yordam beradi

Varikoz kasalligi davolash usullari

Varikoz kasalligini davolash tomir jarrohlari, flebologlar vazifasiga kiradi. Ular bemorni qanday davolashni hal etishadi. Xastalikni davolashni ikki usuli bor, konservativ yaʼni dorilar yordamida va jarrohlik usuli. Shuni unutmaslik kerakki dorilar yordamida varikozni toʻliq davolab boʻlmaydi, bunday davolash bemorning ahvolini faqat birmuncha yengillashtirishi mumkin. Konservativ davo, kasallik rivojlanishining ilk bosqichidagina samara berishi mumkin. Bunda dori vositalari bilan birgalikda kompression muolaja ham qoʻllaniladi.

Dori vositalarini shifokor tavsiyasi va uning nazorati ostida qabul qilish lozim. Qoʻyidagi maʼlumotlar faqat tanishish uchun.

Surtma dorilar: Aktovegin, Gepatrombin, Rutozid (Rutin, Venoruton), Trokserutin (Troksevazin).
Ichiladigan dorilar: Anavenol, Antistaks, Venza, Venoplant, Ginkorfort, Detraleks, Kalsiy dobezilat (Doksilek, Doksium, Doksixem) Tribenozid (Glivenol), Trokserutin (Troksevazin).

Kompression muolajada maxsus tibbiy buyumlardan foydalaniladi. Bu muolajada elastik matolardan tayyorlangan maxsus chulki, kolgot, golflarni har doim kiyib yurish kerak boʻladi. Bu buyumlar shikastlangan tomir joylashgan sohani siqib qon kelishini kamaytiradi, va vena birmuncha zoʻriqishdan xalos boʻladi. Yuqorida aytilganidek bu muolaja varikozning boshlangʻich vaqtida effektiv. Kasallikning keyingi bosqichlarida dardning avj olishini oldini olishi va bemorning ahvolini biroz yengillashtirishi mumkin.

Jarroxlik usuli bilan kasallikni davolash

Jarroxlik usuli eng samarali varikoz davosi xisoblanadi. Bu muolajada kasallangan tomirlar olib tashlanadi yoki sklerozlovchi modda bilan berkitilib qoʻyiladi. Venalarning arteriyalarga nisbati 10:1, sodda qilib aytganda venalar ancha koʻp. Shuning uchun xam bir necha kasal tomirlar olib tashlansa ham qon bemalol boshqa aylanma yoʻllarni topa oladi.

Sklerozli muolaja varikoz venalarga maxsus dorilarni kiritishdan iborat. Yaʼni, venalar olib tashlanmaydi, balki maxsus modda bilan “yelimlab yopishtiriladi”. Aslida bu – juda ingichka igna bilan muammoli joyga shunchaki ukol qilishdir. Odatda boshqa usullar bilan birgalikda qoʻllaniladi (kompression muolaja, flebektomiya va hokazo).

Varikoz kasalligi munosabati bilan jarrohlik yoʻli bilan (operatsiya nomi flebektomiya) shikastlangan venalar olib tashlanadi. Bundan tashqari vena klapanlarini davolash (tiklovchi operatsiya) usullari ham bor. Igna sanchish orqali bajariladigan kichik invaziv aralashuv (endoskopik flebektomiya, elektrokoagulyatsiya) hamda ochiq jarrohlik amaliyoti qoʻllanadi.

Jarrohlik muolajasi yoki sklerozlashtirilgandan keyin 4–6 oy mobaynida choʻziluvchan dokalar yoki tibbiy kiyimlar kiyib yurish tavsiya etiladi.

Tabiiy vositalar yordamida varikoz davosi

Xalq tibbiyoti qadim zamonlardan beri, bu kasallikni davolash uchun bir necha vositalar yaratgan. Bu muolaja bemor axvolini yengillashtirishi mumkin, lekin xastalikdan butunlay qutqara olmaydi. Faqat jarrohlik usuli bunga qodir.

Damlamlar

Kashtan gullari – 0,5 l aroqqa 50 gr solinadi. Issiq, qorongʻi joyda 2 hafta tindiriladi, har kuni chayqatilib, dokadan oʻtkazib turiladi. 3–4 hafta davomida kuniga 3–4 marta 30–40 tomchidan ichiladi. Nastoykani uyqu oldidan kengaygan venali terilarga surtiladi.

Qichitqi oʻt yaproqlari – bir osh qoshigʻi bir stakan qaynagan suvga solinib, soʻng 30 daqiqa tindirilgach, dokadan oʻtkaziladi, ovqatdan bir soat keyin kuniga 3 mahal bir stakandan ichiladi. Qichitqi oʻt yaproqlari solingan damlamani kasallikning boshlangʻich pallasida ichiladi, ayniqsa, oyoqni nastoyka bilan vanna qilinsa, bu foydali, uni tayyorlash sirtdan qoʻllanadigan dorilar retseptlarida keltirilgan. 12 ta kashtanni qoq ikkiga boʻlinadi va 3 l qaynagan suv quyiladi, 200 gr shakar qoʻshiladi va sovugach, pichoq uchida xamirturush tashlanadi. 10 kun tindirilib, suzgʻichdan oʻtkaziladi va kuniga 3–4 mahal bir stakandan, ovqatdan 15 daqiqa oldin ichiladi. Muolaja muddati 3–4 oy. Navbatdagi achitqi 3 kun tindiriladi. Kashtanlardan 3–4 marta foydalansa boʻladi.

Surtmalar

Kashtan poʻsti boʻlishi ehtimol tutilgan holat. Birinchidan (urugʻ poʻsti) qaynatmasidan oyoqdagi ogʻriqlarni yoʻqotishda, boldir mushaklarining tungi tomir tortishlarida foydalaniladi. 100 gr poʻstloq urugʻ poʻstidan vanna tayyorlash uchun 2 l suv quyiladi, past olovda 15 daqiqa qaynatiladi, 4 soat tindirilib, suzgʻichdan oʻtkaziladi. Muolaja vaqti 15 daqiqa, bir kurs muolaja muddati 10 kun, kunora bajarsa ham boʻladi.

Oyoq vannasi uchun botqoq oʻsimligi nastoykasi (dimlamasi) quyidagicha tayyorlanadi: 100 gr quruq oʻtga 2 l qaynagan suv solinib, tindiriladi, suzgʻichdan oʻtkaziladi. Vanna har kuni yoki kunora qilinadi, qichitqioʻt nastoyini ichib, muolaja birga olib boriladi. Amal muddati 15 daqiqa, muolaja muddati – tuzalguncha. 200 gr asalga bir osh qoshiq yirik tuz aralashtiriladi. Aralashma kasal venalar boʻylab oyoq teriga yupqa qilib surtiladi. Pergament qogʻoz yopib (sellofandan foydalanish tavsiya etilmaydi), doka bilan oʻraladi. Kompress ikki kun saqlanadi, keyin bir kun dam beriladi. Muolaja muddati 9 kun.

Suvli va pishgan pomidor mayda qilib toʻgʻraladi va qattiq shamollagan venalarga yopishtirib chiqiladi, ustidan doka bilan yengil bogʻlab qoʻyiladi. 3–4 soatdan keyin yangi pomidor toʻgʻramlari bilan almashtiriladi.

Maqolaga baho bering
[Total: 2 Average: 5]

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan