Ereksiya buzilishi (Erektil disfunksiya)

Erektil disfunksiya – erkakning to‘laqonli jinsiy aloqa uchun yetarli bo‘lgan jinsiy a’zo kuchlanishiga erisha olmasligining uzoq davom etishi (kamida 6 oy).

Odam – sayyoramizdagi ereksiyani yetarlicha uzoq vaqt saqlab tura oladigan yagona biologik tur. Ushbu qobiliyatning buzilishi muhim tibbiy va ijtimoiy muammo bo‘lib, o‘z-o‘zini hurmat qilishning yo‘qolishiga, oilaviy nizolarga olib keladi.

Kasallikni kelib chiqish sabalari

Erektil disfunksiyaning ichki sabablari

  1. Yurak-qon tomir tizimi buzilishlari. Turli xil yurak va qon tomir kasalliklari intim sohadagi buzilishlarga olib keladi (65 foizgacha) – ishemik kasallik, yurak ritmining buzilishi, gipertenziya, miokard infarktidan keyingi holatlar. Tomirlarning torayib qolishi (ateroskleroz) ko‘p jihatdan olat tomirlariga ham xosdir. Ba’zi olimlar potensiya disfunksiyasini yurak patologiyasining darakchisi deb hisoblashi va agar jinsiy sohada muammolar paydo bo‘lsa, yurakni iloji boricha ertaroq tekshirishni tavsiya qilishi bejiz emas. Xolesterinning ko‘payishi va tomirlar devorining shikastlanishiga olib keladigan chekish ham ahamiyatga ega. Bundan tashqari, gipertoniya va yurakni davolash uchun dori-darmonlarning o‘zi ham sezilarli ereksiya buzilishlariga olib kelishi mumkin.[2]
  2. Jarohat omili turg‘un potentsial buzilishlarning rivojlanishida asosiy omillardan biridir. Bular chanoq suyaklarining sinishi, uretraning yorilishi, bosh jarohati, kavernoz tanalarning bevosita shikastlanishi, adenoma va saraton tufayli prostata operatsiyalaridan keyingi holatlardir.
  3. Nerv o‘tkazuvchanligining buzilishi. Muammoning chuqurligini tushunish uchun doktor P.G. Shvarsning ereksiyani nerv boshqarish sxemasiga qarashni tavsiya qilaman.

Organizmning normal ishlashi:

Shvars bo‘yicha ereksiyaning nerv boshqarilishi
Shvars bo‘yicha ereksiyaning nerv boshqarilishi

Ushbu sxemaga ko‘ra, ereksiyani tartibga solishning 14 ta tuzilmasi mavjud. Har qanday darajadagi byuzlish erkakning intim sohasidagi turli xil buzilishlarga olib kelishi mumkin. Ushbu tuzilmalar insultlar, jarohatlar, umurtqalararo disk churrasi, turli joylardagi o‘smalar, tarqoq skleroz va boshqa nevrologik kasalliklar natijasida buzilishi mumkin.

erektil disfunksiyada nerv o‘tkazuvchanligining buzilishi
Erektil disfunksiyada nerv o‘tkazuvchanligining buzilishi

Bundan tashqari, ichki sekretsiya a’zolari faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq sabablar guruhi (endokrin sabablar) ajratiladi: periferik tomirlar va nervlarning zararlanishiga olib keluvchi qandli diabet, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, semizlik. Gormonal fonning nomutanosibligi, charchoq tufayli testosteron darajasining pasayishi, shu jumladan yoshga bog‘liq.

Ereksiya buzilishining sababi siydik-tanosil a’zolarining yallig‘lanish kasalliklari (prostatit, vezikulit, uretrit) bo‘lishi mumkin.

Ereksiya buzilishining tashqi sabablari

Yuqori radiatsiya foni, yuqori chastotali nurlanish sharoitida ishlash va ekologik omillar erektil disfunksiyaning sababi bo‘la olmaydi. Biroq, ereksiyaning buzilishi ushbu omillar natijasida psixotravmatik ta’sir tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Psixogen etiologiya

Ereksiya buzilishining eng ko‘p uchraydigan sababi – muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish, o‘ziga ishonchsizlik, ayniqsa yoshlik davrida. Sherik bilan nizolar va, aksincha, «odatdagi» jinsiy aloqaga olib keladigan tekis munosabatlar ham katta ahamiyatga ega. O‘tkir va surunkali stress, butun organizmning holdan toyishiga olib keladigan kasbiy charchoq juda katta ahamiyatga ega. Ba’zi hollarda yashirin psixopatologiya – shizofreniya, paranoyya, depressiv holatlar shunday namoyon bo‘ladi. Spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ereksiya buzilishi belgilari

BelgilarQanday namoyon bo‘ladi
Erta– kuchsiz (butunlay yo‘qolguncha) tungi va ertalabki ereksiya;
– jinsiy maylning pasayishi (libido);
– dastlabki erkalash va ereksiya o‘rtasidagi vaqtning uzayishi;
– orgazm yorqinligining «yo‘qolishi,» hatto uning hissiyotining yo‘qolishi;
– erta eyakulyatsiya (urug‘ tashlash);
– takroriy jinsiy aloqani amalga oshira olmaslik;
– «odatdagi» jinsiy aloqani amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar;
– ereksiyalar o‘rtasidagi tiklanish vaqtining uzayishi;
– eyakulyat hajmining kamayishi (jinsiy aloqa paytida ajraladigan sperma miqdori)
Kechki– olatning yetarli darajada taranglashishiga erisha olmaslik;
– fallosni ereksiya holatida ushlab tura olmaslik;
– erektil disfunksiyaning eng yuqori darajasi – to‘liq impotensiya

Ereksiya buzilishining patogenezi

Erektil disfunksiyaning patogenezida endotelial to‘qima patologiyalari yetakchi rol o‘ynaydi, bu esa oxir-oqibat fallosning g‘ovak tanalarini qon bilan ta’minlashning buzilishiga olib keladi. Tomirlarning atrofiyaga uchrab, sklerozga uchrashi, kavernoz tanalarning sog‘lom hujayralari o‘rniga dag‘al biriktiruvchi to‘qima paydo bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Shunday qilib, erektil disfunksiyaning og‘irligi turli sabablarning yig‘indisiga va ularning kavernoz tanalarga ta’sir darajasiga bog‘liq.[7]

erektil disfunksiya
Erektil disfunksiya

Ereksiya buzilishining tasnifi va rivojlanish bosqichlari

Ereksiya disfunksiyasining tasnifi (2017-yil):[7]

I. Psixologik qaram:

1. Keng tarqalgan shakl:

  • ta’sirlanuvchanlikning umumiy buzilishi;
  • oldindan libido yo‘qligi;
  • jinsiy maylning yoshga qarab pasayishi;
  • jinsiy maylning umumiy buzilishi;
  • surunkali buzilish;

2. Vaziyatli:

a) Jinsiy sherikka nisbatan:

  • muayyan sherikka nisbatan libidoning buzilishi;
  • obyektning afzalliklariga nisbatan libidoning yo‘qligi;
  • sherik bilan ziddiyatli munosabatlar tufayli jinsiy maylni bostirish;

b) O‘z imkoniyatlaridan shubhalanish:

  • Disfunksional buzilishlar (tez eyakulyatsiya);
  • Muvaffaqiyatsizlikni kutish (ereksiya boshlanishiga shubha, ereksiyani qo‘llab-quvvatlash qobiliyati);

v) Surunkali stress:

  • Patologik kayfiyat (turmush o‘rtog‘ini, qarindoshini yo‘qotish, ishdan bo‘shatish).

II. Organik shikastlanishlar bilan bog‘liq erektil disfunksiya:

  • tomirli;
  • neyrogen;
  • anatomik;
  • gormonal;
  • dorivor

III. Polietiologik erektil disfunksiya.

Turli sabablarni birga kelishi tufayli yuzga keldigan holat.

Ereksiya buzilishining asoratlari

  • jinsiy olatning zo‘riqishiga umuman erisha olmaslik (impotentlik);
  • surunkali stress;
  • o‘zini o‘zi baholashning pasayishi;
  • ijtimoiy moslashuvning buzilishi;
  • oilaviy muammolar;
  • bepushtlik;
  • o‘z joniga qasd qilishgacha bo‘lgan jiddiy ruhiy buzilishlar.

Ereksiya buzilishi diagnostikasi

Erkaklardagi erektil disfunksiyani tashxislash umumiy anamnestik ma’lumotlardan boshlanishi kerak. Birinchi bosqichda mumkin bo‘lgan etiologik omillarni aniqlashga harakat qilinadi, jinsiy hayotning individual xususiyatlari aniqlanadi. «Odatdagi» jinsiy aloqa paytida jinsiy xulq-atvorni alohida ajratib ko‘rsatish kerak. Shu maqsadda turli so‘rovnomalar va shkalalardan keng foydalaniladi, masalan: Xalqaro erektil disfunksiya indeksi (XEDI-5), Loran-Segal shkalasi, jinsiy aloqa profili (JABP) va boshqalar. Sinchiklab ko‘zdan kechirish tuklanish xarakteri, jinsiy olat nuqsonlari, moyaklar o‘lchamini aniqlash imkonini beradi. Prostata bezining o‘lchami, konsistensiyasi va shakli haqida fikr yuritish imkonini beruvchi rektal tekshiruv muhim ahamiyatga ega.

Ereksiya disfunksiyasi bo‘lgan bemorlarda gormonal fonni aniqlash (erkin va bog‘langan testosteron, prolaktin, estradiol, gonadotropin), qondagi qand miqdorini, glikozlangan gemoglobinni, qon lipidogrammasini aniqlash kerak. Ushbu tahlillar natijalari disfunksiya patogenezining ma’lum bir turini aniqlashga yordam beradi.

Farmakologik test: kavernoz tanachalarga papaverin, prostaglandinlar va boshqa dori vositalarini yuborilganda jinsiy olat to‘qimalarining reaksiyasi tekshiriladi.

Orqa miya ildizlarining nevrologik reflekslarini tekshirish ham ma’lum diagnostik ahamiyatga ega.

erektil disfunksiya patogenezi
Erektil disfunksiya patogenezi

Ultratovush tekshiruv:

  • TRUZI (prostata bezining transrektal ultratovush tekshiruvi) to‘g‘ri ichak orqali prostata bezining o‘lchami va tuzilishini aniqlashga, prostatit, prostata bezining xavfsiz va xavfli o‘smalarini tashxislashga imkon beradi. Bu omillarning barchasi ereksiyaga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.
  • Fallos tomirlarining dopplerografiyasi qon oqimini, ereksiya paytida asosiy arteriya va venalarning torayish darajasini baholashi mumkin. Bu erektil disfunktsiyada muhim prognostik omil hisoblanadi.
  • Qalqonsimon bezning ultratovush tekshiruvi gormonal fonning umumiy muvozanatiga katta ta’sir ko‘rsatadigan ushbu muhim bezning tuzilishi va hajmining buzilishini aniqlaydi.

G‘ovak tanalar holatini baholash:

  • jinsiy olatning yadro-magnit-rezonans tomografiyasi jinsiy olatning fibroz-sklerotik zonalarida qon oqimining pasayishini aniqlashga yordam beradi;
  • g‘ovak tanalar to‘qimasining biopsiyasi, uning gistokimyoviy tekshiruvi kavernoz to‘qimaning o‘zgargan elementlarining foiz nisbatini aniqlaydi.

Ereksiya buzilishini davolash

Qaysi shifokorga murojaat qilish kerak

Ereksiya buzilganda urolog-andrologga murojaat qilish kerak. Mustaqil davolanish mumkin emas, chunki bu holatni sezilarli darajada yomonlashtirishi mumkin.

Erektil disfunksiyani davolash uchun 5-turdagi og‘iz orqali qabul qilinadigan fosfodiesteraza ingibitorlari

Potensiya buzilishlarini davolashda haqiqiy inqilobni azot oksidiga ta’sir qiluvchi fosfodiesteraza-5 ingibitorlari amalga oshirdi. Bu modda olat venalari tonusining pasayishiga to‘sqinlik qiladi va natijada ereksiyani yaxshilaydi. Mo‘jizakor «Viagra» dorisining nomi allaqachon tayyorlangan va bir necha yillardan beri o‘z vaqtini kutmoqda edi. Bu sig‘imli va yoqimli nom «Niagaraning ulkan sharsharasining kuchi» deb tarjima qilinadi. 1993-yilda Amerikaning «Pfayzer» kompaniyasi qon bosimini pasaytiruvchi yangi dori – sildenafil sitratning ajoyib nojo‘ya ta’sirini tasodifan kashf etdi. Preparat juda tezda keng klinik amaliyotga joriy etildi va erektil disfunksiyani davolash uchun ko‘plab farmakologik vositalar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Keyinchalik FDE-5 ingibitorlarining yangi avlodlari paydo bo‘ldi. Ushbu preparatlarning klinik ta’siri ortib bordi va nojo‘ya ta’sirlarni minimallashtirdi. Avvalo, bular «Levitra» (vardenafil) va «Sialis» (tadalafil). Preparatlar erkaklar qonida testosteron darajasi past bo‘lsa ham, erektil disfunksiyaning ko‘p shakllarida ereksiyani yaxshilash imkonini beradi.

Erektil disfunksiyani davolash uchun boshqa dorilar

Endi tanadagi testosteron darajasining ko‘tarilishi haqida biroz. Bu sohada o‘nlab yillar davomida izlanishlar olib borilmoqda, ammo haqiqiy yutuq hali ham bo‘lmadi. Testosteron erkaklar organizmida to‘planishni xohlamaydi, bundan tashqari, preparatlar qimmat va ko‘plab nojo‘ya ta’sirlarga ega. Ulardan «Nebido» – mushak orasiga yuboriladigan dori va «Androgel»ni ajratib ko‘rsatish mumkin, uni har kuni teriga surtish kerak. Testosteron preparatlari va anabolik steroidlardan faol foydalanish ushbu guruh preparatlarining bodibildingda, boshqa kuch sport turlarida keng qo‘llanilishi bilan murakkablashadi, bu esa ularning qo‘llanilishi va tarqalishini to‘liq nazorat qilish imkonini bermaydi.

Psixoterapiya

Ereksiya buzilishining aksariyat shakllarida psixoseksual terapiya, shuningdek, turmush tarzini tuzatish, hayotning noqulay omillarini bartaraf etish yoki kamaytirish katta ahamiyatga ega. Maslahat olish uchun psixoterapevt shifokorga murojaat qilish kerak.

Erektil disfunksiyani davolash uchun mexanik moslamalar

Erektil disfunksiyani davolashda vakuum-konstriktor terapiya (LOD-terapiya) ma’lum rol o‘ynaydi. Bu turdagi terapiyaning asosiy mexanizmi maxsus moslamalar yordamida jinsiy olatning kavernoz tanalariga manfiy bosim (vakuum) hosil qilishdan iborat. Vakuumli asboblar 60% hollarda adekvat ereksiyani ta’minlaydi.

Erektil disfunksiyani jarrohlik yo‘li bilan davolash

Erektil disfunksiyani jarrohlik yo‘li bilan davolash konservativ vositalar tugaganda qo‘llaniladi:

  • qorin usti arteriyasi va fallosning yon arteriyasi o‘rtasida qo‘shilish joyi (anastomoz) yaratish ushbu arteriya torayganda amalga oshiriladi;
  • jinsiy olat venalarida operatsiyalar venookklyuziv apparat buzilganda qilinadi;
  • Falloprotezlash (protezlarni implantatsiya qilish) boshqa usullar samarasiz bo‘lganda, erektil disfunksiyani davolashning yakuniy bosqichidir. Ushbu usul 70-80% hollarda natijalarga (to‘liq ereksiya) erishish imkonini beradi.

Zarba to‘lqinlari terapiyasi (ZTT), magnit-lazer terapiyasi (MLT), ozonoterapiya va prostata massaji erektil disfunksiyani davolashda isbotlangan klinik samaradorlikka ega emas va ularning qo‘llanilish sabablari faqat tijorat maqsadlarida.

Parhez va jismoniy faollik

Muvozanatli ovqatlanish va jismoniy faollik rivojlanishning oldini olishda va erektil disfunksiyani davolashda muhim rol o‘ynaydi.

Jismoniy mashqlar erkaklarda kichik chanoq a’zolarida qon aylanishini yaxshilashga (ayniqsa, o‘tiradigan odamlarda), to‘liq ereksiya uchun zarur bo‘lgan testosteron ishlab chiqariladigan jinsiy olat va moyaklarga qon oqimini yaxshilashga qaratilgan.

Mashqlar eng oddiy: yurish – sutkasiga kamida 6 ming qadam, o‘tirib-turish (sutkasiga kamida 50 marta). Strelnikovaning urologik nafas gimnastikasi kompleksi yomon ta’sir ko‘rsatmadi. Shuningdek, yoga amaliyotidagi ba’zi mashqlar qo‘llaniladi: jonu shirshasana, paschimotanasana, uttanasana, badxa konasana, dxanurasana.

Yoga mashqlari
Yoga mashqlari

Massaj

Davolash va oldini olish uchun chanoq va qov sohasini massaj qilish yetarli darajada samarali hisoblanadi. Massaj erkaklar jinsiy a’zolarining qon tomir tonusini juda yaxshi faollashtiradi.

Xalq tabobati bilan davolash

Turli xil o‘simlik preparatlari yumshoq rag‘batlantirish va shaxsiy testosteron to‘plash nuqtayi nazaridan qiziqarlidir. Bular Oltoyning «Qizil ildiz,» Afrikaning «Vuka-Vuka» va «Yoximba,» Tailandning «Butea superba» va boshqa tabiiy vositalardir. Biroq, bu vositalarning samaradorlik koeffitsiyenti aniq emas va klinik sinovlar yetarli darajada o‘tkazilmagan.

Prognoz. Profilaktika

Erektil disfunksiyani davolash samaradorligining prognozi etiologik omilga, jarayonning rivojlanishiga (kavernoz tanachalar fibrozi darajasiga), bemorning yoshiga bog‘liq. Zamonaviy davolash usullari asosan potensiyani tiklash imkonini beradi. Davolash samarasiz bo‘lsa ham, ereksiyani jarrohlik yo‘li bilan ta’minlash mumkin.

Profilaktika:

  1. Zararli odatlarni istisno qilish – nikotin, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar, masturbatsiya va boshqalar.
  2. Jismoniy faollik katta rol o‘ynaydi. Doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish talab etiladi, chunki erektil disfunksiya kam harakatli turmush tarzi natijasida rivojlanadi. Bu prostata va boshqa erkak a’zolarida dimlanish hodisalarini keltirib chiqaradi. Oddiy o‘tirib-turishlar juda samarali hisoblanadi. Ularni kuniga 60-90 tadan bajarish tavsiya etiladi. Bu kichik chanoq qon tomirlarida qon aylanishini normallashtirishga yordam beradi. Profilaktikaning juda samarali usuli – oraliq mushaklarini navbatma-navbat zo‘riqtirish va bo‘shashtirishdir. Yetarli bo‘lmagan ereksiyaga qarshi kurashda yurish, yugurish a’lo natijalar beradi.
  3. Muvozanatli ovqatlanish erektil disfunksiya rivojlanishining oldini olishda yetakchi rol o‘ynaydi. Shunday qilib, dengiz mahsulotlari kaliy, rux, magniy, kalsiy va omega kislotalari kabi eng muhim mikroelementlarga boy bo‘lib, bu to‘laqonli ereksiya uchun juda muhimdir. Ustritsalar, krablar, qizil ikralar, skumbriya, kambalasimon baliqlar, dengiz qisqichbaqasimonlari ularga ayniqsa boy. Asal va yong‘oq tarkibida ko‘p miqdorda rux mavjud bo‘lib, immunitetni oshiradi, prostatit rivojlanishining oldini oladi, erkaklik kuchini oshiradi. Petrushka, sarsabil kuchli antioksidant – tokoferolning sezilarli zaxiralariga ega bo‘lib, u potensiyaga nisbatan tartibga solish funksiyasiga ega. Erkaklar kuchi uchun kardamon, zanjabil, qizil qalampir kabi ziravorlar noyobdir. Ular E, C, B2, B6 vitaminlariga boy bo‘lib, erkak a’zolariga qon oqimini yaxshilaydi va to‘laqonli ereksiyaga yordam beradi.
  4. Siydik-tanosil a’zolari yallig‘lanish kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash va davolash.

Ushbu barcha profilaktika choralari ereksiya buzilishlarini eng ulug‘ yoshgacha ortga surishga yordam beradi.

Manbalar

  1. Kubin M., Wagner G. Epidemiology of erectile dysfunction. Int J Impot Res 2003;15;63-17
  2. Shabsingh R. ,Perelman M.A. Health issues of men: prevalens and correlations of erectile dysfunction. J Urol 2005;174:662-667
  3. Machtents S.,Gansslen A., Pohlemann T., Stief C.G. Erectile dysfunction in relation to traumatic pelvis injuries or pelvic fractures. BJU Int. 2001;87:441-448
  4. Шварц П.Г. Патогенетические механизмы нарушений мочеиспускания и эрекции у пациентов с сосудистыми заболеваниями головного мозга и их фармакологическая коррекция. РМЖ. Урология. 2015; с. 639
  5. Romeo J.H., Seftel A.D. Sexual function in men with diabetes: with glycemic control J Urol 2000;163:788-791
  6. Мазо Е.Б.,Гамидов С.И., Иремашвили В.В. Эректильная дисфункция Москва, 2008; с 46-67
  7. Живов А. В. Оценка влияния лечения эректильной дисфункции на качество жизни больных. РМЖ. Урология. 2017;с. 560 – 563
  8. Montorsi F. Assessment, diagnosis, and investigation of erectile dysfunction. Clin Cornerstone. 2005;7:29-35
  9. Nieschlag E., Swerdloff R., Behre H.M. Investigation, treatment and monitoring of late-onset hypogonadism in males ISA, ISSAM, and EAU recommendations. Eur Urol 2005; 48: 1-4
  10. Мазо Е.Б.,Зубарев А.Р.,Жуков О.Б. Ультразвуковая диагностика васкулогенной эректильной диcфункции. – M.: Медицина, 2003
  11. Francis S.H., Corbin J.D. Molecular mechanisms and pharmacokinetics of phosphodiesterase-5 antagonists. Curr Urol Rep 2003; 4:457-465
  12. Wang C., Bergman N. Longsreth J.A. Pharmacokinetics of transdermal testosterone gel at one site versus four sites; a General Clinical Research Center Stady. J clin Endocrinol Metab. 2000;85:964-969
  13. Vitezic D., Pelcic JM. Erectile dysfunction: oral pharmacotherapy options. Int J Clin Pharmacol Ther 2002;40:393-403
  14. Price D.E., Cooksey G., Jehu D. The management of impotence in diabetic men by vaccuum tumescence therapy. Diabet Med 1991;8;964-967
  15. Kabalin J.N., Kuo J.C. Long-term follow-up of and patient satisfactions with the Dynaflex self-contained inflatable penile prosthetis. J Urol 1997;158;456-459

.

O'xshash maqolalar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan