Allergik konyuktivit – belgilar va davolash

Allergik konyunktivit nima? Kasallikning kelib chiqish sabablari, tashxisi va davolash usullarini 12 yillik tajribaga ega bo‘lgan allergolog doktor Fomichev Vitaliy Igorevichning maqolasida ko‘rib chiqamiz.

Kasallikning ta’rifi. Kasallik sabablari

Allergik konyunktivit – bu allergen ta’sirida yuzaga keladigan ko‘z shilliq qavatining (konyunktiva) yallig‘lanishi[1].

Allergik konyuktivit

Ko‘pincha kasallikni havo orqali organizmga kiradigan nafas olish allergenlari keltirib chiqaradi:

  • uy changi, uy changi kanalari, suvaraklar;
  • daraxtlar, o‘t-o‘lanlar va begona o‘tlar changi;
  • hayvonlar – mushuklar, itlar, otlar, sichqonlar, kalamushlar va boshqalar;
  • kasbiy allergenlar – lateks, un, formaldegid, yelim, yog‘och changi va boshqalar.

Allergik konyunktivitni noingalyatsion allergenlar ancha kam hollarda qo‘zg‘atadi:

  • oziq-ovqat – dengiz mahsulotlari, yong‘oqlar, mevalar, asal va boshqalar;
  • dori preparatlari.

Odatda, kasallik 6-11 yoshda va o‘smirlikda, ba’zan katta yoshda, juda kamdan-kam hollarda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda namoyon bo‘ladi. Bu immun tizimining «yetilish» xususiyatlari – uning «kritik davrlari» bilan bog‘liq. Gap shundaki, 4-6 yoshda allergiya shakllanishida muhim rol o‘ynaydigan immunoglobulin E konsentratsiyasi, bolalardagi gijja va parazitar kasalliklar tufayli o‘zining eng yuqori darajasiga yetadi. Natijada immun tizimning nafas orqali kiradigan allergenlarga sezgirligi ortadi.

Allergik konyunktivitga moyillik, avvalo, allergiyaga irsiy moyillik bilan bog‘liq. Uning faollashuviga bir qator tashqi omillar ta’sir ko‘rsatadi: stress, yirik shaharlardagi ekologik muammolar, dori-darmonlarning oson topilishi va nazoratsiztarzda qabul qilinishi, zararli odatlar, ovqatlanish tarzi [2][5].

Shuningdek, xonadagi havo harakati tezligi ham muhim ahamiyatga ega. Agar havo harakatsiz (tinch) holatda bo‘lsa, asosan allergiyani keltirib chiqaradigan yirik zarralar havoda to‘planmay, buyumlar yuzasiga cho‘kadi. Shuning uchun ham oddiy chang, gul changdan farqli o‘laroq, allergik konyunktivitning asosiy sababi emas [5].

Allergik konyunktivit simptom va belgilari

Tashqi tomondan allergik konyunktivit bilan og‘rigan bemorni ko‘z konyunktivasining shishi va qizarishi, shishli qovoqlar, ko‘z ostidagi qora doiralar, ko‘z yosh oqishiga qarab shubha qilish mumkin. Shuningdek, ular ko‘zlarida qichishish va ko’zda qum zarrachalarini his qilishdan shikoyat qilishadi.

Allergik konyuktivit simptomlari

Yuqorida ta’riflangan barcha simptomlar, odatda, ikkala ko‘zda simmetrik ravishda paydo bo‘ladi. Agar bu belgilar uzoq vaqt davomida faqat bir ko‘zda kuzatilsa, u holda albatta oftalmolog bilan maslahatlashish kerak: kasallikning bunday kechishi yallig‘lanishning noallergik xususiyatini ko‘rsatadi.

Allergik konyunktivit simptomlari bemorni yil davomida bezovta qilishi yoki faqat bahor-yoz davrida paydo bo‘lishi mumkin. Yil bo‘yi alomatlar yaqqol ifodalangan qo‘zg‘alish davrlariga ega emas (shuning uchun kasallikni tashxislash qiyin) yoki allergen bilan aloqa paytida epizodik ravishda paydo bo‘ladi: uyni tozalash, eski kitobni o‘qish, hayvonlar bilan muloqot qilish paytida. Mavsumiy allergik konyunktivit simptomlari ko‘proq ifodalangan. Ular bemorni bir necha yillar davomida bir vaqtning o‘zida bezovta qiladi, ayniqsa, quruq shamolli ob-havoda, bog‘da ishlayotganda, shahar tashqarisida bo‘lganida, derazalari ochiq avtomobilda yurganda kuchayadi.

Izolyatsiyalangan allergik konyunktivit kam uchraydi. Ko‘pincha u allergik rinit belgilari bilan bog‘liq (taxminan 95%). Bunday holda bemorni yana burun bitishi, tumov, burundagi qichishish, ko‘p marta aksa urish bezovta qiladi. Allergik rinit bilan og‘rigan bemorlarning atigi 55% o‘zlarida allergik konyunktivitning namoyon bo‘lishidan shubhalanishi mumkin, qolgan holatlar allergolog tomonidan tashxislanadi [10]. Bundan tashqari, allergik rinokonyunktivit bronxial astma bilan birga uchrashi mumkin, bronxial astma uchun bo‘g‘ilish, havo yetishmovchiligi hissi, xurujsimon yo‘tal, ko‘krak qafasidagi hushtaklar va xirillashlar xarakterlidir.

Ko‘pincha allergik konyunktivit, atopik dermatit bilan ham birga uchraydi. Qovoq terisida, bilak, tirsak va tizza osti bukilishlarida toshmalar paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi, sezilarli qichishish va terining quruqligi bilan birga keladi [1].

Allergik konyunktivit patogenezi

Ko‘z yuzasidagi epitelial hujayralar ko‘z shilliq pardasi immun tizimining bir qismidir. Infeksiyaga qarshi jismoniy to‘siqdan tashqari, ular begona hujayralarni (mikroblar, allergenlar) o‘z organizmi hujayralaridan ajrata oladigan, ularni ushlab oladigan va hazm qila oladigan effektor hujayralar funksiyasini bajaradi

Allergenlarga chidamli konyunktiva epiteliysi

Allergenlar kon’yunktivaga kirganida, immun tizimi hujayralari maxsus oqsil – immunoglobulin E (IgE) ni ishlab chiqara boshlaydi. U allergenlar va sezgir semiz hujayralar – immun tizimi hujayralari bilan Fc-retseptorlar (FceRI) orqali bog‘lanadi. Bu esa kon’yunktivada yallig‘lanish reaktsiyasi rivojlanishining boshlang‘ich mexanizmiga aylanadi [1] [2].

IgE ning semiz hujayra va allergen bilan birikishi

Allergik reaksiyaning ikki bosqichi farqlanadi: erta va kechki. Erta bosqichda semiz hujayralar allergen maxsus IgE bilan aloqaga kirgandan so‘ng bir necha soniya yoki daqiqa ichida yallig‘lanish mediatorlarini (gistamin, triptaza, prostaglandinlar va leykotrienlar) ajratib chiqaradi. Bu mediatorlarning molekulalari ko‘zlarning qizarishi, shishishi va qichishishi kabi o‘tkir yallig‘lanish alomatlarini keltirib chiqaradi. Kechki bosqichda immun tizimining boshqa hujayralari (eozinofillar, bazofillar, T-hujayralar, neytrofillar va makrofaglar) allergen ta’siridan taxminan 6-72 soat o‘tgach, zararlangan to‘qimaga kirib, to‘planadi. Semiz hujayralar va ular ishlab chiqaradigan molekulalar yuzaga kelgan yallig‘lanishni davolashda asosiy nishon hisoblanadi.

Yallig‘lanish mediatorlarining ajralib chiqishi

Immun tizimi hujayralari yuzasida Fc-retseptorlardan tashqari, bog‘lovchi molekulalar – ligand yordamida immun hujayralarga biriktirilgan nofaol Fcy-retseptorlari ham mavjud. Bu molekulalar semiz hujayralarning kuchli xemoattraktantlari hisoblanadi, ya’ni ularni yallig‘lanish o‘chog‘i tomon harakatlanishga majbur qiladi.

Ko‘z allergik kasalligi rivojlanishida dendrit hujayralari ham ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Ular qon plazmasida joylashgan himoya immun mexanizmlari – gumoral immunitet uchun javobgar bo‘lgan Th2 hujayralarini ishga tushirishda asosiy rol o‘ynaydi. Th2-hujayralarining faollashuvi o‘z navbatida reaksiyalar kaskadini ishga tushiradi, bu esa oxir-oqibat allergik reaksiyaning avj olishiga olib keladi – qovoqlarning shishi va boshqa alomatlar.

Allergik konyunktivit tasnifi va rivojlanish bosqichlari

Yuqorida aytib o‘tilganidek, kasallikning ikki turi mavjud:

Yil bo‘yi allergik konyunktivit – simptomlar yil davomida bezovta qiladi. Ushbu shakl doimiy ravishda dori-darmonlarni qabul qilish va bemor doimiy ravishda aloqada bo‘lgan allergenlarning immun tizimiga ta’siri bilan bog‘liq – maishiy, epidermal, zamburug‘li, oziq-ovqat, kasbiy allergenlar.

Mavsumiy allergik konyunktivit – simptomlar aniq mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, odatda bahor-yoz mavsumida bezovta qiladi. O‘simlik changlari yoki zamburug‘ allergenlarining immun tizimiga ta’siri ostida paydo bo‘ladi.

Bahorgi (atopik) keratokonyunktivit alohida tafovut qilinadi. U allergik konyunktivit bilan bir xil alomatlarga ega, ammo konyunktivadan tashqari, yallig‘lanish jarayoniga shox parda ham jalb qilinadi. Bunday shaklning xarakterli farqi kon’yunktivaning oqarganligi va shox parda chetidagi sarg‘ish-oq nuqtalar bo‘lib, ularni oftalmoskopiya o‘tkazilganda aniqlash mumkin.

Allergik kerakonyuktivit belgilari

Har bir shaklning kechishi ikki bosqichga bo‘linadi:

  • qo‘zish bosqichi;
  • remissiya bosqichi[1].

Shuningdek, kasallikning uchta og‘irlik darajasi mavjud:

  • Yengil daraja – bemorning faolligi va uyqusini buzmaydigan noaniq alomatlar.
  • O‘rta daraja – simptomlar uyquni buzadi, ish, o‘qish, sport bilan shug‘ullanishga xalaqit beradi, hayot sifati pasayadi.
  • Og‘ir daraja – hayot sifatining buzilishi yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi, bemor to‘laqonli ishlay olmaydi, o‘qiy olmaydi, sport bilan shug‘ullanmaydi.

Allergik konyunktivit asoratlari

Ko‘pincha allergik konyunktivitning asoratlari bemorning davolash rejimiga rioya qilmasligi tufayli kelib chiqadi: ko‘zlariga bog‘lam qo‘yish, konyunktivit qo‘zg‘alishi paytida kontakt linzalar taqish, uzoq vaqt glyukokortikoidlar (deksametazon va gidrokortizon) dan foydalanish. Kasallikning og‘ir shaklini yetarlicha nazorat qilmaslik ham asoratlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Keng tarqalgan asoratlar quyidagilardir:

  • ko‘zlarning quruqligi;
  • ikkilamchi infeksiya (virusli, bakterial, xlamidiy infeksiyasi) qo‘shilishi, u ko‘zning ishqalanishi paytida va konyunktiva immuniteti zaiflashganda ko‘z tuzilmasiga kiradi;
  • keratit.

Uzoq davom etadigan kasallik, ko‘zning ishqalanishi, shuningdek, noto‘g‘ri davolanish (virusli konyunktivitlarda glyukokortikoidlardan foydalanish; kasallikning asoratlanmagan shakllarida antibiotiklar va zamburug‘larga qarshi komponentlar bilan tomchilar va surtmalarni tayinlash) limbal bosh hujayralar (LSCD) tanqisligi va ikkilamchi keratokonus kabi ko‘rishga tahdid soluvchi muammolarga olib kelishi mumkin. Ikkala asorat ham dahshatli ko‘rish buzilishlarining oldini olish uchun o‘z vaqtida jarrohlik davolashni talab qiladi [1].

LSCD – bu skleraning shox pardasiga o‘tish joyi bo‘lgan limbada o‘zak hujayralar tanqisligi kuzatiladigan holat. Mana shu yetishmovchilik natijasida shox parda epiteliysi yangilanish va tiklanish qobiliyatini yo‘qotib qo‘yadi, bu narsa pirovard natijada shox parda epiteliysida turg‘un nuqsonlar paydo bo‘lishiga yoki uning yemirilishiga olib keladi. Allergik konyunktivitni davolash glyukokortikosteroidlardan foydalanishni o‘z ichiga olganligi sababli, LSCD bilan og‘rigan bemorlarda ko‘z ichi bosimi oshishi va katarakta rivojlanishi mumkin. Ba’zi bemorlarda bu asoratlar ko‘rishning ortga qaytmas yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Limbal o‘zak hujayralar tanqisligi

Allergik konyunktivit diagnostikasi

Allergik konyunktivit tashxisi shikoyatlarni to‘plash, bemorning kasallik tarixi (anamnez), ko‘rikdan o‘tkazish va kerakli tadqiqotlarni o‘tkazishga asoslanadi. Ko‘pincha kasallik anamnezini to‘plash bosqichida shifokor sababchi allergenni shubha qilishi mumkin. Uning keyingi verifikatsiyasi uchun bemorning yoshi va kasallik bosqichiga bog‘liq bo‘lgan zarur hajmdagi tadqiqotlar o‘tkaziladi. Ba’zi hollarda oftalmolog maslahati talab qilinishi mumkin [1].

Nospetsifik tekshiruvlar – qonning umumiy tahlili, umumiy IgE konsentratsiyasini aniqlash – har doim ham ishonchli bo‘lavermaydi. Ba’zan allergik konyunktivitda eozinofillar (allergik reaksiyalar rivojlanishida ishtirok etuvchi immun tizimi hujayralari) sonining ko‘payishi va qon zardobida umumiy IgE konsentratsiyasining ko‘payishini aniqlash mumkin. Ammo ushbu ko‘rsatkichlarning me’yoriy qiymatlari allergiya mavjudligini inkor etmaydi.

Maxsus allergologik tekshiruv allergenlar bilan teri namunalarini o‘tkazish va/yoki qon zardobida allergen-spetsifik IgE ni aniqlashni o‘z ichiga oladi.

Teri namunalarini allergolog-immunolog yoki maxsus ko‘nikmalarga ega bo‘lgan hamshira o‘tkazadi. Bemorning bilak terisiga allergenlar ekstraktlarining tomchilari qo‘llaniladi, keyin steril skarifikatorlar bilan har bir tomchi sohasidagi epidermis (terining yuqori qatlami) zararlanadi. 15-20 daqiqadan so‘ng shifokor sinov natijalarini baholaydi.

Teri sinamalari

Teri sinamalari bir qator cheklovlar va qarshi ko‘rsatmalarga ega. Ularni quyidagi hollarda o‘tkazish mumkin emas:

  • ikki yoshdan kichik bolalarda;
  • allergik konyunktivit va boshqa allergik kasalliklar kuchaygan paytda;
  • homiladorlik davrida;
  • ayrim dori vositalarini qabul qilayotganda — antihistamin (allergiyaga qarshi), uch halqali antidepressantlar, mahalliy steroidlar, β-blokatorlar va angiotenzinni o‘zgartiruvchi ferment ingibitorlari [3].

Tekshirishning muqobil usuli allergenlarga nisbatan maxsus IgE ni aniqlash uchun vena qonini tahlil qilishdir. Ushbu tekshiruvni har qanday yoshdagi bemorlarda, kasallikning kuchayish yoki remissiya davrida, shuningdek, allergiyaga qarshi dorilar bilan davolanish fonida ham o‘tkazish mumkin [5].

Allergik konyunktivitni davolash

Allergik konyunktivitni davolash ko‘p hollarda ambulatoriya sharoitida o‘tkaziladi. Kasallik og‘ir kechganda yoki asoratlar rivojlanganda kasalxonaga yotqizish talab etilishi mumkin.

Avvalo, sababchi allergen bilan aloqani kamaytirishga yoki butunlay yo‘q qilishga harakat qilish lozim: yotoq kiyimlarini tez-tez almashtirish, uy hayvonini uydan chiqarib yuborish va hokazo. Allergik konyunktivit qo‘zg‘alganda kontakt linzalar taqish man etiladi, chunki allergenlar ularning yuzasiga yaxshi yopishadi. Bu esa belgilarni keskin kuchaytirishi va asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.

Mavsumiy allergik konyunktivitga chalingan odamlarga gullash davrida quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi. Ko‘z yuzasidan allergeni tozalash uchun sun’iy ko‘z yoshi preparatlaridan foydalanish mumkin.

Konyunktivitning yengil ko‘rinishlarida semiz hujayralar membranasi stabilizatorlari guruhiga mansub preparatlar (masalan, kromoglitsin kislotasi), H1-retseptorlarning mahalliy blokatorlari (azelastin, difengidramin, olopatadin) yoki H1-retseptorlarning peroral blokatorlari (dezloratadin, levosetrizin, setrizin, loratadin) buyuriladi.

II avlod antigistamin preparatlarini qo‘llash ma’qulroq. Ular I avlod preparatlaridan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:

  • tezroq ta’sir ko‘rsata boshlaydi;
  • ta’siri uzoqroq davom etadi, shu bois kuniga bir marta qabul qilish kifoya;
  • ularni qo‘llashdan keyin tinchlantiruvchi ta’sir (muvozanatning buzilishi, bosh aylanishi, holsizlik, diqqatni jamlashning pasayishi) deyarli kuzatilmaydi yoki juda kam ifodalangan;
  • aksariyat hollarda ovqatlanish tartibiga bog‘liq emas;
  • uzoq muddat qo‘llanganda ham davolash samaradorligi pasaymaydi.

Konyunktivitning o‘rtacha va yaqqol ifodalangan belgilarida ko‘z allergik tomchilarini tizimli ta’sirga ega II avlod antigistamin preparatlari bilan birga qo‘llash tavsiya etiladi.

Kasallik og‘ir kechganda dastlabki 2-3 kun davomida klemastin yoki xloropiraminni parenteral yo‘l bilan (hazm qilish yo‘lini chetlab o‘tib) qo‘llash, keyinchalik esa allergiyaga qarshi tabletkalar ichish mumkin. Tomchilar, malhamlar yoki eritmalar (prednizolon, deksametazon, gidrokortizon) ko‘rinishidagi glyukokortikoidlarni qisqa muddat mahalliy qo‘llash mumkin, biroq faqat yallig‘lanishning yuqumli tarkibiy qismi bo‘lmagan hollardagina.

Allergik konyunktivit paytida ko‘zlarni bog‘lash qat’iyan man etiladi: bu konyunktival bo‘shliqdan ajralmalarning chiqarilishini sekinlashtiradi va keratit rivojlanishiga olib kelishi mumkin. U paydo bo‘lganda, shuningdek, ikkilamchi infeksiya qo‘shilganda va ko‘rish qobiliyati pasayganda, albatta ko‘z shifokori maslahatini olish lozim.

Ikkilamchi infeksiyalanish holatlarida antibiotik bilan mahalliy kombinatsiyalangan dorilardan foydalanish ko‘rsatilgan (masalan, betametazon + gentamitsin, deksametazon + gentamitsin, deksametazon + tobramitsin).

Allergik rinokonyunktivit bilan og‘rigan bemorlarda ko‘z belgilarini bartaraf etishning samarali usuli topik intranazal steroidlar hisoblanadi. Buning sababi shundaki, konyunktivit belgilarining rivojlanish mexanizmi burun bo‘shlig‘i shilliq qavatining yallig‘lanishi natijasida yuzaga keladigan nazo-okulyar refleksning ishtirokini nazarda tutadi.

Kasallikning rivojlanish mexanizmiga ta’sir qiluvchi allergik rinokonyunktivitni davolashning asosiy usuli – bu allergen-maxsus immunoterapiya (ASIT). U immun tizimni allergenlarga chidamli qilib qo‘yadi. Bu maqsadda, ma’lum bir tartib bo‘yicha, sababchi allergenning dozalari kiritiladi, uning konsentratsiyasi va miqdori asta-sekin oshirib boriladi. ASITni faqat allergolog-immunolog shifokor tayinlaydi va o‘tkazadi. Davolashning to‘liq kursi 3-5 yilgacha davom etishi mumkin. U tugagandan so‘ng, 3-5 yildan 20 yilgacha va undan ham ko‘proq davom etadigan remissiya boshlanadi (o‘rtacha 7-10 yil) [1] [2] [4].

Kasallik prognozi va profilaktikasi

Allergik konyunktivitning oqibati, odatda, ijobiy bo‘ladi. Bu bemor immun tizimining shaxsiy sezuvchanligiga, atrof-muhit sharoitlariga, tashxis va davolashning o‘z vaqtida o‘tkazilishiga bog‘liq. Agar kasallikka kech tashxis qo‘yilsa yoki noto‘g‘ri davolansa, kasallikning og‘irroq shakllari yoki asoratlari rivojlanishi mumkin.

Tavsiyalarga, zarur bo‘lganda parhez tartibiga rioya qilinganda, o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolanganda konyunktivit belgilarining yaqqolligi kamayadi, yangi allergenlarga reaksiya paydo bo‘lishi va boshqa atopik kasalliklarning yuzaga kelishi xavfi pasayadi, qabul qilinadigan dori-darmonlar miqdori kamayadi [2].

Allergik konyunktivit profilaktikasi boshqa atopik kasalliklar profilaktikasidan farq qilmaydi. Birlamchi profilaktika xavf guruhiga kiruvchi bolalarda IgE ishlab chiqarilishini to‘xtatishga qaratilgan. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • homiladorlik paytida allergenlar bilan aloqani yo‘q qilish;
  • faol va passiv chekishdan voz kechish;
  • tabiiy oziqlantirish (bola hayotining kamida 4-6 oyigacha);
  • allergiya bo‘yicha irsiy moyilligi bor yosh bolani imkon qadar respirator allergenlardan (hayvonlar, chang, mog‘or) himoya qilish;
  • ortiqcha ovqatlangan bolalar uchun tana vaznini me’yorlashtirish.

Ikkilamchi profilaktika kasallikning zo‘rayishiga, shuningdek, atopik kasalliklarning yangi turlarini shakllanishiga yo‘l qo‘ymaydi. U bolalarda atopik dermatitni o‘z vaqtida davolashni o‘z ichiga oladi, bu «atopik marsh» shakllanishining oldini olishga yordam beradi – atopik kasalliklarning ketma-ket almashuvi (masalan, atopik dermatitning allergik rinit yoki rinokonyunktivitga o‘tishi va keyinchalik bronxial astma shakllanishi). Buning uchun sezgir bemorlarning sababchi allergen bilan aloqasini minimallashtirish yoki butunlay to‘xtatish talab etiladi.

Uchlamchi profilaktika shakllangan allergik konyunktivitni davolashdan iborat. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • bemorning allergen bilan aloqasini to‘liq bartaraf etish yoki imkon qadar cheklash;
  • kasallikning rivojlanish mexanizmlarini bartaraf etishga qaratilgan terapiyani o‘tkazish [5].

Manbalar ro’yhati

  1.  Аллергология. Фармакотерапия без ошибок. Руководство для врачей/ под ред. Р. М. Хаитова. — М.: Е-ното, 2013. — С. 231-237.
  2.  Аллергология / под ред. Р. М. Хаитова, Н. И. Ильиной. — 2-е изд., испр. и доп. — М.: ГЭОТАР-Медиа, 2009. — С. 64-107.
  3.  Балаболкин И. И., Мачарадзе Д. Ш. Кожные пробы: показания и противопоказания // Вопросы современной педиатрии. — 2013. — № 3. — С. 31-37.
  4.  Клиническая иммунология и аллергология. Федеральные клинические рекомендации / под ред. Р. М. Хаитова, Н. И. Ильиной. — М.: Фармарус принт Медиа, 2015. — 92 с.
  5.  Колхир П. В. Доказательная аллергология-иммунология. — М.: Практическая медицина, 2010. — С. 151-189.
  6.  La Rosa M., Lionetti E., Reibaldi M., Russo A., et al. Allergic conjunctivitis: a comprehensive review of the literature // Ital J Pediatr. — 2013; 39: 18.ссылка
  7.  Rathi V. M., Murthy S. I. Allergic conjunctivitis // Community Eye Health. — 2017; 30 (99): S7-S10.ссылка
  8.  Saban D. R., Calder V., Kuo C. H., Reyes N. J., et al. New twists to an old story: novel concepts in the pathogenesis of allergic eye disease // Curr Eye Res. — 2013; 38 (3): 317-330.ссылка
  9.  Wei C. C., Kung Y. J., Chen C. S., Chang C. Y., et al. Allergic conjunctivitis-induced retinal inflammation promotes myopia progression // EBioMedicine. — 2018; 28: 274-286.ссылка
  10.  Williams D. C., Edney G., Maiden B., Smith P. K. Recognition of allergic conjunctivitis in patients with allergic rhinitis // World Allergy Organ J. — 2013; 6 (1): 4.ссылка
  11.  Allergic Conjunctivitis // MSD Manual. — 2021.
  12.  Сarlisle R. T., Digiovanni J. Differential Diagnosis of the Swollen Red Eyelid // Am Fam Physician. — 2015. — Vol. 92, № 2. — P. 106-112.ссылка
  13.  Palmares J. Vernal keratoconjunctivitis // Sociedade portuguesa de oftalmologia. — 2015.

Similar Posts

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan